SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
May 2019
YaDuSeChPaJuSh
   1234
567891011
12131415161718
19202122232425
2628293031 
Beg‘ubor bolalikni yodga olib

“Beg‘ubor bolalikni yodga olib” 

(1 iyun - “Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlangan tadbir ssenarisi)

 

Tadbir o‘tkaziladigan joy bolalar bahri – dilini ochar darajada go‘zal qilib bezatilgan. Hammaning o‘qishi uchun tiniq ranglar bilan yozilgan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Qonuni”dan ayrim moddalar devorlarga ilingan. “Toshkent sharlari” mahsulotlari, turli ko‘rinishdagi porloq chiroqlar va rango-rang gullarning did bilan joylashuvi tadbir o‘tkazilayotgan sinf yoki sahnaning ko‘rkiga fayz qo‘shadi. Bolalarga xos kuvnoqlik aks ettirib turuvchi kiyimlar va unga muqobil soch turmaklari bilan sahnaga ikki boshlovchi (yuqori sinf o‘kuvchilaridan bo‘lsa, yana ham yaxshi) yuzlarida tabassum balqib chiqib kelishadi.

1-boshlovchi:

Ajib bir tong otdi, yana elimda ,

Osmonni to‘ldirib qushlar navosi.

Saharda uyg‘onib, uni olqishlang,

Buncha orombaxshdir tongning havosi.

 

2-boshlovchi:

Ajib bir tong otdi, yana elimda

G‘unchalar sevinchdan ko‘zlarin ochdi.

Diyorim go‘zaldir, unga parvona

Saxiy quyosh zamin nurlarin sochdi.

1-boshlovchi: - Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar! Bu kun bizga atalgan kun, barcha-barchaning diqqat-e’tibori bizga qaratilgan kun.

2-boshlovchi: - Shu bois, biz davrani ochib berdik, endigi so‘z navbati ustozlarimizga.

Ustoz: - Shu davrada o‘tirganlarning barcha-barchasiga maktabdagi ja’miki bolalarimiz nomidan alangali  salomlar bo‘lsin!   Darhaqiqat,  bugun   mehr-muruvvatga   yo‘g‘rilgan   olam-olam e’tiborimiz shu qorako‘z bolajonlarimiz uchun. Bolalar!

Siz mening qaynoq yuragim,

Kamolingiz ko‘rish - ezgu tilagim.

Yashnagan ozodu obod Vatanda,

Ishonchli posbonim, tolmas bilagim.

Bolalik beg‘ubor, bokira, toza,

Bolalik davrining o‘zi mo‘jiza.

Gullarning yuzida shudring misoli

Tip-tiniq, musaffo hamda pokiza!

Shu aziz damlarning qadriga yeting,

Sayyoralar uzra parvozlar eting.

Oltin davringizga qolmasin g‘ubor,

O‘zbegim bayrog‘in Marsgacha elting!

«Lazgi» kuyi balandlab, sho‘x qizlar raqsga tushadilar.

1-boshlovchi: - Endi men so‘zni mamnuniyat bilan «Ona tili» va «O‘qish» fanlari o‘qituvchisiga beraman.

Ustoz: - Bugun chindan ham o‘zgacha kun. Barcha bayramlarga-da o‘xshamagan kun.  Bolalik olamining keng quloch yoygan kuni. Ular huquqlari haqida yana va yana eslatib o‘tiladigan kun. Chunki mamlakatimizda bolalarni himoya qilish, ularni har tomonlama yetuk va barkamol inson qilib tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilgan. Va bu masala davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilgan, hamda u o‘zining ilk mustaqillik yillaridanoq bolalar huquqlarini belgilovchi mukammal qonunchilik asoslarini ham yaratgan. Ilk ta’sis etilgan ordenning «Sog‘lom avlod uchun» deb atalishida ham ana shunday maqsadlar mushtarak.  

Bolalik - sehrdir, zangori fasl,

Vatanning ertasi, tamal toshlari.

Saodat nuridan kuch olgan nasl,

Yurtimning tuganmas sarchashmalari.

Bobolar shon topib, ardoqlagan his,

Ularning ko‘nglida qayta uyg‘onish.

Birisining ismi balki To‘maris,

Birisi ulg‘ayib, bo‘lar Alpomish!

          Aylanay beg‘ubor kulishlaringdan,

Sizga hamroh bo‘lsin ezgulik, safo.

Ko‘zlar quvonadi turishlaringdan,

Sizni panohida asrasin Xudo!

 (Abdurahmon Jo‘raev)

Magnitofondan «Andijonchasiga» qo‘shig‘i (O.Nazarbekov) yangraydi. Raqsida boshlang‘ich sinf o‘g‘il-qizlari.

2-boshlovchi: - Maktabimizning «Huquq» fanidan saboq beruvchi muhtaram muallimamiz o‘z so‘zlarini aytmoqchilar, marhamat ustoz.

Ustoz: - Aziz bolajonlar! Hozirgina ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekistonimizda mustaqillik e’lon qilingan dastlabki kunlardanoq davlatimiz tomonidan bolalarni  har tomonlama himoya qilish, ularni komil  inson etib tarbiyalash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

1992 yilda O‘zbekiston «Bola huquqlari to‘g‘risidagi Xalqaro Konvensiya»ni ratifikatsiya qildi va bu Konvesiyaning amalga oshirilishi ustidan monitoring tizimi yaratildi. Xo‘sh, «Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya»ning o‘zi nima? Bu - bolalar huquqi to‘g‘risidagi xalqaro huquq normalari kuchiga ega bo‘lgan hamda maqsadi kelajakka qaratilgan hujjat bo‘lib, u  Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20-noyabrda bir ovozdan qabul qilingan. Bu hujjat dunyoning barcha mintaqalaridagi xalqlar uchun keng ahamiyatga ega.

Unga ko‘ra, bola o‘z kamolotida o‘zi faol ishtirok etishi, o‘zining axloqiy, aqliy, ruhiy  qobiliyatlarini erkin rivojlantirishi uchun tibbiy yordamga  ega bo‘lishi, ovqatlanishi, kiyinishi, turar-joy xususidagi minimal normalar bilan ta’minlanishi, o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega bo‘lishi shart. Chunki bunday huquq uning hayotiga oid masalalarni hal etishda hisobga olinishini ta’minlaydi. Bolalarni kamsitmaslik - Konvensiyaning muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Unga ko‘ra, bolalar etnik hamda ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, irqi, jinsi, tili, dini, sog‘lig‘ining ahvoli yoki boshqa holatlardan - qat’iy nazar, o‘z huquqlaridan to‘la foydalanishi kerak. Biz, o‘zbeklar bolajon xalqmiz. Bu ham bolalarga bo‘lgan doimiy e’tiborimizdan dalolat.

Quvnoq qizchalarning sho‘x-shodon qiyqiriqlari bilan boshlanadigan laparlar tadbir ishtirokchilari yuziga tabassum hadya etadi.

1-boshlovchi: - Ha, darvoqe ustozlarimiz aytganidek, bizning himoyamiz, biz haqimizda qayg‘urish chindan ham Yurtboshimiz rahnamoligida davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Qarang, oynai jahon - televidenie ko‘rsatuvlari ham har oqshom o‘z namoyishlarini biz-bolalarga atalgan turli xil ko‘rsatuvlar bilan boshlaydi.

2-boshlovchi: - «Bolalar dunyosi», «Davrning bolasi», «Bolalik orzusi», «O‘yla, izla, top»,  «Kitob-oftob», «Bolalar tabassumi», «Quvnoq  do‘mboqchalar», «Yoshlar salomi», «Kelajak ovozi», «Yangi avlod», «Barkamol avlod», «Qizg‘aldoq», «Yoshlar maydoni», «Kelajak tongi» kabi eshittirish   va   ko‘rsatuvlar   bizlarning   hayotimiz,   o‘qishimiz,   intilishlarimiz,   iste’dod qirralarimiz haqida hikoya qiladi.

1-boshlovchi: - Gazeta-jurnallarni varaqlangchi, ularning biror soni yo‘qki, bizlarga atalgan sahifa bo‘lmasin. Sarlavhalarini aytmaysizmi, bizga bunday maqtovlar juda yoqadi: «Har bir bola e’tiborda», «Iqtidorli yoshlar mahorati», «Bolalarda ijodkorlik tuyg‘usi», «Kelajak tayanchi yoshlar!» va hokazolar.

2-boshlovchi: - Chindan ham bizning kamolotimiz yo‘lida g‘amxo‘rlik qilish davlatimizning  muqaddas burchiga aylangan ekan, mustaqil yurtimizning ilk ordeni «Sog‘lom avlod uchun» deb   atalishi ham bejiz emas.  «Sog‘lom  avlod,   deganda   biz   faqatgina jismonan   baquvvat farzandlarimiznigina emas, balki ma’naviy boy avlodni ham nazarda tutganmiz. Chunki har taraflama sog‘lom  avlodga ega  xalqni   hech   kim,   hech  qachon   yenga  olmaydi».

Prezidentimizning aytgan bu so‘zlarining qanchalar hayotiy ekanligi  biz bolalarning istiqlol g‘oyalariga sodiq, mard va jasur, intellektual salohiyati yuksak avlod bo‘lib voyaga etishimizda o‘z aksini topmoqda.

Bolalikni tarannum etuvchi she’rlar, hajviy qo‘shiqlar yangraydi. Ikki boshlovchi chiqib, yurtimizda o‘sib kelayotgan avlodning iste’dod qirralari, qobiliyati, iqtidorini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarning yaratilishi o‘z samarasini berayotgani xususida gapirib, sahnaga 3-4 o‘quvchini taklif etishadi.

1-o‘quvchi: - Respublika nomini dunyoga tanitadigan kuchlardan eng birinchisi, bu - sport. Sport musobaqalari orasida eng nufuzlisi, bu - Olimpiada o‘yinlari. Mana,   Prezidentimiz   tashabbusi   bilan   mamlakatimizda   uch   bosqichli   tizim   «Umid nihollari», «Barkamol avlod», «Universiada» sport o‘yinlarining yo‘lga qo‘yilishi hayajonli onlarni dildan his qilish imkonini berdi, katta sport sari ishonchli yo‘llanmaga aylandi.

2-o‘quvchi: - Toshkentdagi Uspenskiy nomli musiqa maktabini butun dunyo biladi. Buning sababi, hech shubhasiz, ularning mahoratli, iqtidorli, jajji sozandalari, biz-o‘quvchilar sabab. Har yili bir necha o‘nlab o‘quvchilar xalqaro tanlov g‘oliblari bo‘lishadi. Ular o‘z ijrolari bilan  Gresiya,  Italiya,  Ispaniya, AQSh, Rossiya, Germaniya, Ruminiya, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya  kabi davlatlarning nozik didli musiqasevarlarini lol qoldirishadi, tinglovchilar olqishlariga sazovor bo‘lishadi.            Magnitofondan O.Nazarbekovning «Mening onam yo‘q» qo‘shig‘i eshittiriladi, davraga 3-4 go‘yoki «yetim bolalar» chiqib, o‘zlarining dil kechinmalari, yurak iztiroblarini qo‘shiqqa mos turli harakatlar bilan ifodalaydilar. Birin-ketin she’rlar o‘qiydilar.

1-o‘quvchi:

-          Onajon!

Sizni juda sog‘inaman,

Tushda ko‘rib ovunaman,

Yo‘lingizga sig‘inaman,

Jonim onam, kela qoling,

Mehribonim bo‘la qoling.

2-o‘quvchi:

         Ko‘z yoshlarim haqqi, ayting,

Bolangizman, keling, ayting,

Meni olib, uyga qayting,

Jonim onam, kela qoling,

Mehribonim bo‘la qoling.

3-o‘quvchi:

         Sizni o‘ylab, erinmayman,

Yuragimga yelimlayman,

Soz davrada ko‘rinmayman,

Bor bo‘lsangiz, kela qoling

Bolamsan, deb ayta qoling.

(Mahfuza Zayniddinova)

1-boshlovchi: - Bu kabi mungli qalb o‘ksiklarini yaratish uchun yana davlatimiz bag‘rini keng ochdi. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab «Mehribonlik uylari» qanchadan-qancha qalbi yara bolajonlarga malham bo‘lmoqda. Nogiron va yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalarning bolalari davlat tamonidan himoya etilmoqda.

«Rahmat,  Islom bobo» qo‘shig‘i ijro etiladi.  Qo‘shiq  musiqasi fonida boshlovchilar bolalar qo‘liga guldastalar tutqazadilar va tadbirga yakun yasaydilar.

         Bolaligim

Bahor bilan " Boychechak" aytib,

Kelgandaysan chopqillab qaytib,

Ke, qaylarda yuribsan "daydib",

Bolaligim, seni izladim.

Anhorlarning bo‘yidasanmi,

Binafshalar to‘yidasanmi,

Qo‘shni qizning ko‘yidasanmi,

Bolaligim, seni axtardim.

Koptok o‘ynab horgan bo‘lsang ayt,

Biror shumlik topgan bo‘lsang ayt,

Tomga chiqib olgan bo‘lsang ayt,

Bolaligim ,seni sog‘indim.

Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan