SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Sentabr 2018
YaDuSeChPaJuSh
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
232426272829
30      
Mustaqillik kuni

1 sentabr – “Mustaqillik kuni”  umumxalq bayrami

“Mehring bilan yashaymiz, Vatan”

(Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun musiqiy bayram ssenariysi)

 

Tadbir ochiq maydonda, yoki zalda o‘tkazilishiga mo‘ljallangan.

Rang-barang bayroqchalar, lentalar, gullar va turli hil sharlar bilan bezatilgan maydon yoki zalda “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan”, “Yurtim senga jonim fido”, “Vatan uchun yashaylik”, “Bu yorug‘ olamda Vatan bittadir” singari shiorlar  ilingan. Sahnada odatdagiday ikki boshlovchi (bir qiz va bir o‘g‘il bola) kirib kelishadi.

 

1-boshlovchi (o‘ng qo‘li ko‘ksida):Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar! Aziz ota-onalar! Mo’tabar ustozlar! Qadrli bolajonlar istiqlol farzandlari!

 

2-boshlovchi(qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib): Barcha barchangiz tadbirimizga xush kelibsiz!

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan “Mehring bilan yashaymiz, Vatan” deb nomlangan tantanali bayram  kechamizni ochiq deb e’lon qilamiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangraydi. Barcha  qatnashchilar o‘rnilaridan turib jo‘rlikda, qo‘llari ko‘ksilarida madhiyani ijro etadilar.Madhiya tugagandan so‘ng jo‘shqin musiqa  sadolari ostida qorong‘ulik qaridan bir qiz xumo kushi bo‘lib uchib chiqadi. Uning ortidan: “Xumo qushi keldi, xumo qushi keldi” deb shovqin suron bilan bir to‘p o‘g‘il qizlar kirib kelishadi.  Xumo qushi sahna o‘rtasida to‘xtaydi. Bolalar yoy shaklida sahnada tizilishib turadilar.

 

Xumo qushi: Qadrli bolalar Mustaqil O‘zbekistonning baxtli farzandlari! Hurmatli tadbir ishtirokchilari! Hammalaringizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 23 yilligi bilan tabriklayman. O‘tgan  23 yil  O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan yangilanishlar va o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida erishilayotgan ulkan natijalar mahtaram Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida tanlangan mustaqil taraqqiyot yo‘lining to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatmoqda. Yurtimzda tinchlik va barqarorlik, izchil iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini faol himoya qilish, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish kabi yo‘nalishlar suveren davlatimizning adolatli va insonparvar ichki siyosatida doimiy ustuvor bo‘lib kelmoqda.

 

1-o‘quvchi:     

 Xumo qushi- baxt qushi,

 Bobom, momom xoxishi

 Qo‘nding xalqim boshiga

 Mamnun shodon har kishi.

 

2-o‘quvchi:       

Kulib boqdi istiqlol,

Kutar porloq istiqbol.

Qanotlaring tillomi?

Keltirding mangu iqbol.

 

3-o‘quvchi:       

Boshda xumo qushimiz,

Izga qaytdi xushimiz.

Tenglar ichra teng bo‘ldik.

Ko‘zda sevinch yoshimiz.

 

4-o‘quvchi:       

Mustaqillik orzumiz,

Qismatdan xo‘p rozimiz.

Bek yurtning beklarimiz,

Yayrasin kuy sozimiz.

 

So‘ng Mustaqil O‘zbekiston haqida qo‘shiq va xumo kushi ishtirokida ommaviy raqs ijro etiladi. Saxnaga boshlovchilar chiqadi.

 

1-boshlovchi: Barchangizga ma’lumki, Mustaqillik xalqimizning orzusi edi. Nihoyat, 1991 yil 31 avgust kuni Toshkentda Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Respublika davlat mustaqilligi haqida bayonot qabul qilindi.

 

2-boshlovchi:  1 sentyabr  - O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni deb e’lon qilindi. Ushbu navbatdan tashqari sessiyada “O‘zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

 

1-boshlovchi:O‘zbekiston, onajon yurtim! O‘zbekiston – qadim Turkiston! Tuprog‘ingning har gardida ulug‘lik bor, salobat bor. Sening har bir toshu giyoxingda, qadim obidalaring har bir naqshida ne-ne tarixlar bitilgan.

 

2-boshlovchi:Ne-ne farzandlaring senga jonini fido qilmagan! Ne-ne olam fotixlari qilich ko‘tarib kelib tuprog‘ingdan mag‘lub bo‘lib ketmagan...

 

Shu yerda o‘g‘il  bolalar ijrosida harbiy mashqlar bajariladi.

 

1-boshlovchi:Vatanim, dunyo senga tig‘ o‘qtalib kelganda, sen dunyoga ilmu-ma’rifat nurini taratding. Farzandlaring Al-Xorazmiy, Beruniy, ibn Sino, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muxammad Bobur... ularning qay birini aytay.

 

2-boshlovchi: Islom olamida shu zaminda tug‘ilib kamolga yetgan bobokalonlarimizni Al-Termiziy, Al-Buxoriy, Al-Zamashxariy, Xo‘ja Axmad Yassaviy, Baxovuddin Naqshband, Marg‘iloniy singari daholarni bergan yurtni dunyoning yana qaysi burchagida uchratish mumkin.

 

1-Boshlovchi:Shunisi e’tiborga sazovorki istiqlol yillarida umumxalq bayrami  maqomini olgan “Mustaqillik kuni” bugun O‘zbekistonning har bir hududi, shahar, qishloq va ovullarida, har bir xonadonda katta tayyorgarlik  va ko‘tarinkilik bilan bayram qilinmoqda. Dillardagi quvonch va shukrona, duoga she’ru g‘azalga, kuy va qo‘shiqlarga aylanmoqda.

 

Sahnaga o‘quvchilar chiqib buyuk ajdodlarimiz haqida she’rlar o‘qishadi.

 

1-o‘quvchi:         Bobolarim bor mening,

                            Nomi dunyoga mashxur.

                            Ibn Sino, Ulug‘bek,

                            Temur, Navoiy, Bobur.

 

2-o‘quvchi:         Yurtni sevmoq bizlarga

                            Payg‘ambardan merosdir.

                            Jo‘mardlik, bag‘ri kenglik-

                            O‘zbek eliga xosdir.

 

3-o‘quvchi:         Samarqand osmonida porlagan yulduz,

                           Temuriy qavmida chatishgan ildiz.

                           Yulduzingiz yorug‘ so‘nmagay har giz

                           Temuriylar nasli bobom Ulug‘bek .

4-o‘quvchi:         She’riyat qasrining buyuk sultoni

                            Besh panjasin yozib ingrar mag‘rur she’r

                            Tarifinga sig‘mas g‘azal,  dostoni,

                             Erksevar, xalqparvar bobom Alisher.

1-Boshlovchi:Mustaqillik tufayli yerlarimiz o‘z sohibini, chinakam egasini topdi. Xalqimiz orasida minglab tadbirkorlar, fermerlar, mulkdorlar yetishib chiqdi.

 

2-boshlovchi:

 O‘zligim qaytdi, o‘zimga, o‘zingdan o‘rgilay, mustaqqillik,

Beminnat nonim-nasibam, tuzingdan o‘rgilay, mustaqillik.

Yuz tutda yurtim jaxonga, ko‘z ochdi yuz yillik orzularim,

Ozodlik xurlik atalgan so‘zingdan o‘rgilay, mustaqillik.

 

O‘quvchilar shoir Jumaniyoz Jabborovning “Istiqlol”nomli she’rini o‘qishadi.

 

 

1-o‘quvchi:        Mustaqillik ne demak,

                           Ne demakdir istiqlol?

                           Buni bilmog‘ing kerak,

                           Ma’nosini dilga sol.

 

2-o‘quvchi:        O‘z yurting – yer, samosi.

                           Shahri gulshan ma’vosi.

                           Tongda esgan sabosi,

                           Tog‘i, bog‘i, daryosi

                           Endi o‘z molu mulkining,

                           O‘z qo‘lingda o‘z erkining.

 

3-o‘quvchi:        Yurting nurga belanib,

                            Ko‘rinmaydir ko‘zinga,

                            Barcha oltin-gavxaring,

                            Buyursin-a o‘zinga.

 

4-o‘quvchi:        Endi o‘zingga bog‘liq,

                            Ne ekib ne o‘rmog‘ing.

                            Olqishlar seni borliq,

                            Zarur erur bilmog‘ing.

 

5-o‘quvchi:        G‘ururing solib dilga,

                            Tezroq ulg‘ay top kamol.

                            Erka farzandsan elga

                            Senikidir istiqlol.

1-boshlovchi:   Aziz bolajonlar! Istiqlol sizu bizdan fidoiylikni, vatanparvarlikni talab etadi. Bugun o‘zini shu aziz yurtning farzandi deb bilgan har bir o‘g‘il qiz qalbida Vatanimizga yuksak muhabbat, chuqur ehtirom mujassam. Yuraklari g‘urur va iftihorga to‘la tengdoshlarimiz qalblarida kelajakka ishonch, yurtga saodat tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda.

2-boshlovchi: Mustaqil davlatimizda bizlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ulardan unumli foydalanaylik. Xalqimizga xizmat qilib, Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrash, Milliy qadriyat va an’analarimizni hurmat qilish, ularga sadoqatli bo‘lish har birimizning qalbimizdan chuqur joy olsin. Zero, Vatanimiz kelajagi sizning, bizning qo‘limizda.

1-boshlovchi:Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik –buyuk ne’mat” deb nomlangan tadbirimiz nihoyasiga yetdi.

2-boshlovchi:Tadbirimizda ishtirok etganingiz uchun rahmat. Yana bir bor barchalaringizga mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!

Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan