SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Noyabr 2018
YaDuSeChPaJuSh
    123
45678910
11121314151617
182021222324
252627282930 
Xotira va Qadrlash kuni

9 may -  Xotira va Qadrlash kuni- umumxalq bayrami

 

“Xotira muqaddas – xotira abad”

mavzusidagi badiiy – musiqiy kecha ssenariysi

 

       Tadbir o‘tkazilayotgan xona yoki sinf  “Xotira kuni”ni yodga solar darajada bezatilgan, taassurotlarga boy bo‘lishi kerak. Ikkinchi jahon urushida vafot etganlarning suratlari aks etgan lavhalar, yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlarning keksalik gashtini surayotganliklarini ifodalovchi rasmlar, yuzida baxtiyorlik ufurub turgan yosh avlod vakillari – o‘quvchilar suratlari. Ular orasida Prezidentimizning yoshlar bilan tushgan katta hajmdagi rasmlari ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. U beadad shukronalik ramzidir!  Hazin kuy yangraydi.   

 

Kuy pastlab, sahnaga hamma uchun birdek sevimli shoirimiz marhum Muhammad Yusuf timsolidagi o‘quvchi chiqib kelib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib deydi:

             Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, hurmatli ustozlar!

Barchangiz biz kabilarni eslab, qadrlab, ruhlarini shod etmakka yig‘ilgan ekansiz, men ham shunday muazzam kunlarda Toshkenti azimday poytaxtga o‘zimning dil izhorimni keltirmoqchiman. Chunki mening faoliyat davrim asosan poytaxtda o‘tdi. Undagi «Xotira maydoni» mening ziyoratgohim edi.

Shaharning har bir ko‘chasi, har bir go‘shasi, har bir kechasi menga judayaxshi tanish. Demak, men poytaxtimizga “Toshkent, men ham sening bir o‘g‘ling!” deya faxr bilan aytishim mumkin:

 

“Mehmondo‘st”  deb kimlar ta’rif qilmagan?

Hamma maqtovlarning o‘zing adog‘i.

Toshkent, sen minnatni bilmagan ustoz,

Oybek nigohisan, Oybek quchog‘i,

Anhor bo‘ylarida qumrilar o‘ynar,

Shoir G‘afur G‘ulom bilgan qumrilar.

 

 

 

Ikki ming yil avval Sag‘bonni izlab,

Hindistonni tashlab kelgan umrilar...

Sening ko‘zlaringga termulib turib,

Qo‘shiqlar so‘rayman, men ham bir o‘g‘ling.

Toshkent, ey, minnatni bilmagan ustoz,

Bir umr tushmasin yelkamdan qo‘ling...

 

            U nigohini yerga qadab, biroz sukut saqlab, ohista sahnani tark etadi. Bayramga yig‘ilganlar orasida ayniqsa, keksa qariyalar, faxriy pedagoglar ishonarli talqin etilgan she’rdan ta’sirlanadilar. Sahnaga ikki boshlovich chiqib keladi. Ular ham she’r o‘qish bilan tadbirni ochib beradilar.

 

   Vatanni aslida Vatan qilganlar,                                                               

   Erk uchun jonlarin gulxan qilganlar,                                                                  

   Tillarin kessalar, ko‘zlarin o‘ysa,                                                                               

   Bir-biriga dil bilan suxan qilganlar.                                                                       

   Vatanni aslida Vatan qilganlar.

 

     Maqtov malham bo‘lmas, bu qurbonlarga,                                                           

     Oyatda orom bor shahid jonlarga,                                                                                

     Qo‘llaring duoga katta och, elim, 

     Shukrona joizdir, erkli onlarga,

     Vatanni aslida Vatan qilganlar.

       

1-boshlovchi:  Assalomu alaykum, osuda hayotimizning yo‘lboshchilari, hurmatli otaxonlar, mehri ummon onaxonlar! Hammamiz 9  May – “Xotira va qadrlash kuni” deb bilamiz hamda bu kunda o‘tganlarni yod etish, tiriklarni qadrlashni biz mustaqil yurt farzandlari uchun ham qarz, ham farz deb hisoblaymiz.

 2-boshlovchi:   Bugun siz azizlarga biz, boshlang‘ich sinf  o‘quvchilari

tomonidan tayyorlangan “Xotira - muqaddas, xotira – abad” tadbirimizni ochiq

deb e’lon qilamiz.

 

1-boshlovchi:-Mana, siz hozirgina sevimli shoirimiz Muhammad Yusuf qalamiga mansub she’rdan bahramand bo‘ldingiz. O‘zining qisqa umri, ammo ma’naviy olami, bisoti keng bu shoirimiz hayot bo‘lganlarida 60  bahorni

qarshilar edilar. Biroq Maqsud Shayxzoda bobomiz aytganlaridek,

 

 Odamlar boladiki, tirigida o‘likdir,

      Odamlar bo‘ladiki, mangulikda tirikdir.

 

  2-boshlovchi:

 

  Ular o‘lmaganlar mangu hayotlar,

 Har jabhada bizga yo‘ldosh - qanotlar,

 Ruhi poylariga qilaylik ta’zim,

 Xotirlab yurmoqlik savobi azim.

 

  1-boshlovchi:  Xotira o‘zlikni anglashga, o‘tmishni doimo yodda tutishga bot-bot da’vat etib turadigan muqaddas tuyg‘u. Inson o‘zining kim ekanligini xotira va qadr tuyg‘usi orqali chuqurroq anglaydi. Inson xotirasi muqaddas, u o‘z ajdodlarini esga olib, ezgu ishlarni yod etadi.

 

  2-boshlovchi:  Ajdodlarini xotirlash susaysa, ya’ni ajdodlar bilan avlodlar  o‘rtasida uzilish ro‘y  bersa, millat tanazzulga yuz tutar ekan. Xotira insonni kelajakka teran ko‘z bilan qarashga ham o‘rgatadi.

Muhammad Yusuf she’ri bilan “Qodiriy bobom”  qo‘shigi ijro etiladi.

So‘ng  6-o‘quvchi “Xotira muqaddas” nomli  she ‘rni ifodali  o ‘qiydilar.

 

G‘amgin xotiramni qitiqlab bugun,

    Yorqin hissiyotga bo‘ldingiz sabab.

    Ruhingiz bosh uzra uchar tunu kun,

    Har bir ezgu ishda siz menga madad,

    Xotira muqaddas, xotira abad.

  

-Puchmoq tarixning qa’riga ketgan,                                                                                                                                      

Ne bir allomalar, ne bir botirlar.

Ularning har biri muhrlab bitgan,

Xalqim yuragiga o‘chmas xotirlar,                                                                

Xotira muqaddas, xotira abad.

 

Aslida Shiroqning qabridabir  kun,

 Zardo‘sht olovini yoqqan o‘zi men.

 Muqaddas shu olov beradi uchqun,

 Bugun shu olovdan nurlanar zamin.

 Xotira muqaddas, xotira abad.

 

Doroning bosqini zavol bilganda                                                         

     Nomingni muarrix bitib ketmadi.                                                              

Qaysidir ochofat yana kelganda,                                                                     

     Vatan hurmatiga aqli yetmadi,                                                                      

     Xotira muqaddas, xotira abad.

 

     Bosqinchi o‘qiga chap bergan epchil,

 Sibir surgunida Sirni o‘ylading.

 Millat va elingdan deganda kechgil,

 Vatan nomin, takror aytib to‘ymading.

 Xotira muqaddas, xotira abad.

 

Sulton suyagini xor qilmagan hech,                                                                                                Har bir qatra qonda keltirdik nishon.  

    Ezgu ish vaqtini topar erta-kech,

    Siz bilan bugun Vatan nurafshon,

    Xotira muqaddas, xotira abad.

 

1-boshlovchi:  Aziz mehmonlar! Poytaxtimizdagi “Xotira maydoni”ga – inson Xotirasi va qadri e’zozlanuvchi qutlug‘ maskanga tavof uchun har kuni  yuzlab ziyoratchi tashrif buyurar ekan.

2-boshlovchi:   Darhahiqat, Xotira maydoniga qadam qo‘ygan inson borki, bu yerdan taassurotlaru hayratlarsiz ketmaydi. Kimdir Xotira kitobidan yaqin kishisining ismini ko‘rib, ko‘ziga yosh olsa, kimdir shu kunlarga yetib kelganiga shukrona aytadi. Motamsaro ona haykali poyi gulchambarlar bilan to‘lib ketadi. Bularning barchasi o‘tganlar ruhiga ehtirom ifodasidir.

 

1-boshlovchi:  Bizning maktab o‘quvchilari ham shuncha yo‘l bosib bu maskanga ustozlarimiz boshchiligida qadam ranjida qiladilar.

 

Bir o‘quvchi:   Ustozimiz bizni Xotira maydoniga olib bordilar. U yerda bir otaxon bilan suhbatlashdik. “Bizning bolaligimiz jangu jadallarda, urush olovi qa’rida o‘tdi. Mana, 90 ga qarab ketayapmiz. Sizlarning duoi joningizni qilib yuramiz. Chunki sizlar Yurtboshimiz g‘amxo‘rligi, tashabbuskorligi tufayli, eng baxtiyor bolalarsiz. Buning qadriga yeting”, dedilar. Otaxonning gaplaridan keyin tinchlik-xotirjamlikning qadriga yanada ko‘proq yetish kerakligini tushundim.

 

 1-boshlovchi:   Janggohlarda jon fido etgan vatandoshlarimizdan qariyb 435 ming nafarining nomi “Xotira kitobi”ga manguga muhrlangan.Prezidentimiz tashabbuslari bilan yana 3 ming 725 nafar hamyurtimiz nomi aniqlanib, ushbu kitobga qayd etildi. Bular barchasi savob amallardir.

 

(“Zor edim bir ko‘rgali” qo‘shigi tinglanadi.)

  1-boshlovchi:   “Xotira va qadrlash kuni”ni otkazishdan  maqsad -   xalqimizning Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun jon fido etgan farzandlari xotirasini abadiylashtirish, bugun ham el-yurtimiz obro‘yini yuksaltirishga, biz yoshlarni tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni ardoqlashdir.

 

 2-boshlovchi:  Aytish mumkinki, bu nafaqat jang maydonlarida qurbon bo‘lganlarni xotirlash, balki front ortida, urushdan keyingi yillarda fidokorona mehnat quchog‘da, bugungi dorilomon kunlarimizda ham yorug‘ dunyoni tark etib ketgan insonlarni xotirlash hamdir.

(Hazin kuy pardalari yuqorilashib, yana pasayadi.)

 1-boshlovchi:  Shuning bilan muhtaram qatnashchilar, bugungi tadbirimiz poyoniga yetib bormoqda. Biroq xotira - boqiy, xotira - abad.

 2-boshlovchi:  Tadbirda ishtirok yetib, bizga quloq tutganingiz, namoyish etganlarimizni tomosha qilganingiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiramiz.

 

(“Munojot” qo‘shig‘i ijro etiladi. Shu qo‘shiq adog‘ida qatnashchilar

bir-birlari  bilan xayr –xo‘shlashadi.)

 

Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan