SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
SSENARIYLAR
 Barcha ssenariylar
ARXIV
Noyabr 2018
YaDuSeChPaJuSh
    123
45678910
11121314151617
182021222324
252627282930 
Sohibqiron Amir Temur tavallud kuni

9 aprel - Buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temur (1336-1405 yil) tavallud kuni

 

Buyuk sohibqiron

(Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir ssenariysi)

 

Maqsad: Amir Temur hayoti haqidagi tushunchalarni kengaytirish, Amir Temurning davlat tuzumi va uni boshqarishdagi mohiyati, kelajak avlodlarga qoldirgan merosi, tuzuklari haqida tushuncha berish. Biz Temur avlodi va uning ezgu ishlari davomchisi ekanligimizni anglatish. Milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish.

Jihozlar: Amir Temur byusti, rasmi, tuzuklaridan namunalar, Temur haqidagi kitoblar, gazeta va jurnallar.

Tadbirning borishi: Tadbir o‘tkaziladigan sahnaga “Amir Temur-buyuk sohibqiron”, “Biz Temur avlodimiz”, “9-aprel – Amir Temur tavallud topgan kun” kabi so‘zlar yozib qo‘yilgan.

Sahnaga boshlovchilar chiqib kelishadi.

 

1-boshlovchi:

– Yillarning qa’ridan omon chiqolgan,

Istibdod taxtini yengib, yiqolgan,

Istiqlol mash’alin gurlab yoqolgan,

Boshi, osmon bo‘lsin bugun o‘zbekning,

Dong‘i doston bo‘lsin bugun o‘zbekning!

 

2-boshlovchi:

– Beruniy yaratgan ziyosi bilan,

Jon tabibi-ibn Sinosi bilan

Qaddi baland bo‘lsin bugun o‘zbekning,

Jismi payvand bo‘lsin bugun o‘zbekning!

– Amir Temur otliq bobosi bilan,

Marvarid yaratgan navosi bilan,

Intizor Boburiy Mirzosi bilan

Nasli ulug‘ bo‘lsin bugun o‘zbekning,

Rizqi to‘luq bo‘lsin bugun o‘zbekning!

 

1-boshlovchi: – Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz ota-onalar va mehribon tarbiyachilar!

 

2-boshlovchi: – Assalomu alaykum, shirin bolajonlar-u, aziz o‘quvchilar!

 

1-boshlovchi: – Bugun biz buyuk bobomiz Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan tadbirni o‘tkazish uchun yig‘ilib turibmiz.

 

2-boshlovchi: – Amir Temur bobomiz buyuk sohibqiron, sarkarda va qudratli mamlakat tuzib, uni adolatli idora etgan mohir davlat arbobi bo‘lgan.

 

1-boshlovchi: – Hurmatli ustozlar, bugun o‘quvchilarimiz buyuk bobomizni madh etuvchi she’rlar hamda u zotning hayoti va faoliyati to‘g‘risida turli ma’lumotlar tayyorlab kelishgan. Hozir navbatni ularga beramiz.

 

2-boshlovchi: – Marhamat, aziz o‘quvchilar!

 

 

1-o‘quvchi:

– Amir Temur bobomiz

Mard-u jasur bobomiz.

Jang-u jadallar kezgan

Buyuk davlat, yurt tuzgan.

Abadiy o‘chmas nomi,

Tilimizda kalomi.

Unutmaymiz hech qachon

Sizni ulug‘ bobojon!

 

2-o‘quvchi:

– Buyuk saltanatni tikladi Temur,

Istagi: avlodim otsa zo‘r tomir,

Mulki Turon dunyo uzugi bo‘lib,

Xalqim osoyishta ko‘rsaydi umr.

 

3-o‘quvchi:

– Sohibqiron aytar: ey farzandlarim,

Ko‘zimning qarog‘i jon dilbandlarim.

Millatning dardiga darmon bo‘lingiz,

Bo‘shashtirmang mening bo‘g‘in-bandlarim.

 

4-o‘quvchi:

– Adolat, ozodlik dastida bo‘ling,

Yomonlik, razolat qasdida bo‘ling.

Nifoq tuxumlarin ekmangiz aslo,

Yaxshilik, ezgulik rostida bo‘ling!

 

Milliy raqs ijro etiladi. Raqs tugagach, o‘quvchilar Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida so‘zlab berishadi.

 

1-o‘quvchi: – Buyuk bobomiz 1336-yil 9-aprelda Keshdan uncha uzoq bo‘lmagan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida barlos urug‘iga mansub bo‘lgan bek Tarag‘ay Bahodir oilasida dunyoga keldi.

 

2-o‘quvchi: – Temur yoshligidan bilimga tashna bo‘lishi bilan birga harb ilmiga qiziqqan, otlarni juda sevgan va mohir chavandoz bo‘lgan.

 

3-o‘quvchi: – Amir Temur juda olijanob qalb egasi bo‘lgan. U Movarounnahrdek buyuk davlat tuzgan. Eron, Turkiya, Hindiston kabi yirik davlatlarda ilm-ma’rifat, madaniyatni targ‘ib etgan. Qizil O‘rdaning istilochilik hukmronligiga barham bergan.

 

4-o‘quvchi: – Amir Temur iqtisodiy mustahkam, xalq manfaatlarini himoya qiluvchi davlat tuzdi.

 

5-o‘quvchi: – Amir Temur buyuk siyosatchi, sarkarda, o‘z davrining buyuk davlat arbobi bo‘lgan. Uning shiori – “Kuch – adolatdadir”, degan purma’no hikmat bo‘lgan.

6-o‘quvchi: – Amir Temur 27 ta katta-kichik tarqoq shaharlarni birlashtirib, qudratli davlat tuzdi.

 

7-o‘quvchi: – Amir Temur davlatining poytaxti – Samarqand shahri bo‘lib, juda obod va chiroyli shaharga aylantirildi.

8-o‘quvchi: – Bobomiz Samarqand, Buxoro va Turkistonda tarixiy obidalar, madrasalar, maqbaralar qurdirdi. Obodonlashtirish ishlarini olib bordi.

Amir Temur hayotini yorituvchi sahna ko‘rinishi namoyish etiladi. So‘ngra o‘quvchilar shoir Temur Ubaydulloning “Pirlar qissasi” she’ridan parchalar o‘qib berishadi:

 

1-o‘quvchi:

– Temur otli pahlavon,

Topar chog‘ida kamol –

Unga bo‘ldi esh, hamdam

Shayx Shamsiddin Kulol.

 

2-o‘quvchi:

– Sohib karomatlarning

Biri edi Shayx Kulol.

Tarag‘ay Bahodirning

Piri edi Shayx Kulol.

 

3-o‘quvchi:

– Amir Temur bahramand

Pirning o‘gitlaridan.

Ixlos bilan ushladi

Shayx Kulolning baridan.

 

4-o‘quvchi:

– Bir tomondan qo‘lladi

Suyub Said Baraka.

O‘tmas edi uningsiz

Mashvarat-u ma’raka.

 

5-o‘quvchi:

– Shundan buyuk saltanat

Dovrug‘ soldi jahonga.

Barcha ta’zim ayladi

Temur Sohibqironga.

 

6-o‘quvchi:

– Buyuk zotlar nafasi

Har doim qo‘llasin!

Ona yurtimni mudom

G‘oliblikka yo‘llasin!

 

1-boshlovchi: Sohibqiron buyuk davlat tuzishda, uning gullab-yashnashida quyidagi qoidalarga qat’iy amal qilganligini aytib o‘tgan:

1. Men davlatni shoshmay, insonparvarlik bilan boshqardim.

2. Tartib va qoidalarga rioya qilish – mening davlatimni mustahkamladi.

3. Men o‘z askarlarimga g‘amxo‘rlik va olijanoblik ko‘rsatdim.

4. Men davlatni haqgo‘ylik va aql bilan boshqardim.

5. Adiblar, allomalar, olimlar, tarixchilarga muruvvatli bo‘ldim.

6. O‘z ishimda qat’iy va dadil bo‘ldim.

7. O‘z xalqimni doim tushundim.

8. Yaxshiga yaxshi, yomonga qattiqqo‘l bo‘ldim.

9. Men doim ahillikni istadim.

10. O‘z askarlarimni hurmat qildim va qonun-qoidalarga qattiq rioya qildim.

 

1-boshlovchi:  Aziz ustozlar va bilimdon o‘quvchilar! Bugun biz buyuk bobomiz hayoti va faoliyatiga doir ko‘p narsalarni bilib oldik.

 

2-boshlovchi: Biz – O‘zbekiston farzandi, buyuk Amir Temur avlodidan bo‘lganligimiz bilan faxrlanamiz. Bobomizdek olijanob va haqiqatparvar, yurtsevar bo‘laylik!

 

1-boshlovchi:

 Jahongir so‘zidan yaxshilik bunyod.

Bizga mayoq bo‘lsin, baxsh etib sabot.

Avlodlar bizlardan ololsin o‘rnak,

Shunda rizo bo‘lur Temurdayin zot.

 

2-boshlovchi:  Shuning bilan aziz ustozlar, ota-onalar va tarbiyachilar, bugungi tadbirimizni yakunlaymiz. Barchangizga sog‘lik-salomatlik, ishlaringizga rivoj tilaymiz. Yurtimiz kelajagi bo‘lmish yosh va barkamol avlodni tarbiyalashdek olijanob ishda hech qachon charchamang!

Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan