SHAXSIY KABINETGA KIRISH
.
ARXIV
Oktabr 2023
YaDuSeChPaJuSh
124567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    
Zulfiya she’riyat gulshanining bulbuli
Zulfiya ijodini o‘rganishda hamda keng kitobxonlar o‘rtasida targ‘ib etishda adabiy-badiiy kecha tashkil etish va o‘tkazish alohida ahamiyatga ega.

Kecha o‘tkazilishidan o‘n besh, yigirma kun ilgari e’lonlar tayyorlanib, ko‘zga ko‘rinadigan joylarga ilib qo‘yilishi kerak.

Taklifnomalar tayyorlab maktablarga, atrofdagi tashkilot va muassasalarga tarqatilishi lozim.

Shuning bilan birga faol kitobxonlarga yozuvchi haqidagi kerakli ma'lumotlar topshiriladi.

Kechaga institut, kollej yoki maktab-litseylarining adabiyot o‘qituvchilari, jamoatchilik vakillari, yozuvchilar uyushmasi a’zolarini taklif etish maqsadga muvofiqdir.

Adabiy-badiiy kechani adabiyot fani o‘qituvchisi qisqacha kirish so‘zi bilan ochadi. Maktab kutubxonachisi, faol kitobxonlar bilan birga olib boradi.

1-boshlovchi: - O‘zbekiston xalq shoirasi, taniqli jamoat va davlat arbobi, Zulfiya tavalludiga bu yil 108 yil to‘ladi.

Shu munosabat bilan Zulfiya hayoti va ijodiga bir hur nazar tashlab, she’rlarini o‘qib, ruhini shod etish niyatida ushbu adabiy kechamizga shoiraning hayoti va ijodi haqida so‘zlab berish 
Uchun so‘zni ... ga beramiz.

2-boshlovchi: - O‘zbek she’riyatining otashnafas shoiralaridan biri, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi Zulfiyani bilmaydigan, uning biror she’rini yod olmagan o‘quvchi orangizda topilmasa kerak. Sevimli shoiramiz o‘z she’rlari bilan bizlarni nafosatga, ezgulikka oshno etib, oppoq tong sari yetaklab, qalb harorati bilan isitib kelmoqda.

1-boshlovchi: - Hozir Zulfiyaning bolalar uchun yozgan ajoyib she’rlaridan namunalar tinglaysiz:
She’rlarni faol kitobxonlar yoddan aytib beradilar.
Masalan:
Ona turgan xonaga
Qizi kirdi yugurib,
Go‘yo sig‘may olamga
Dedi shoshib - ko‘pirib.:
Oyijonim, tez yuring,
Ko‘rsataman qiziq gul.
Hurriyatning tomini
Lola qoplabdi butkul
Kabi bolalar uchun atalgan she’rlarni Zulfiyaning Bulut o‘yini (- T.: Cho‘lpon, 1995 yil) to‘plamidan olish mumkin.

2-boshlovchi: - “Ijodiy mehnat va tinchlik taronalari” ruknida ARM mutaxassisi tayyorlagan adabiyotlar sharqini e’tiboringizga havola etamiz. Bu orqali Siz shoira Zulfiya ijodiga yana bir bor nazar tashlaysiz.
(Adabiyotlar sharhini yetakchi mutaxassislar tayyorlab tinglovchilarga havola etadilar. Mungli musiqa yangraydi. 
“Bahor keldi seni so‘roqlab” rukni ochiladi. Bunda shoiraning hayotidagi og‘ir kunlar yodga olinadi).

1-boshlovchi: - 1944 yil 3 iyulda Hamid Olimjon vafotidan so‘ng Zulfiyaning boshiga og‘ir musibat tushdi. Ayriliq alamlari, hijron azoblari tufayli tug‘yon urgan shoiraning qalbiga yana she’r hamdard bo‘ldi. Vafodor yor va sadoqatli do‘stning murakkab insoniy tuyg‘ulari “Hijron kunlarida”, “Baxtiyor sevgini kuylardi so‘zim”, “Ne baloga etding mubtalo”, “Sen qaydasan yuragim” kabi she’rlarida hazin ohangda yangragan edi.

Lekin, inson va hijron, hayot va o‘lim mavzusida yozilgan bunday abadiyligi va unga muhabbat qoyasi hukmrondir shubhasiz, eng mumtoz, vafo va sadoqat tuyg‘ulari samimiy ifodalangan shoiraning she’rlaridir. Bu she’rlarda butun qalbi bilan xalq baxt-saodatini kuylagan Hamid Olimjonning yorqin obrazi yaratilgan. Shoira o‘z ijodi va ovozida Hamid Olimjon barhayot ekanini komil ishonch bilan bayon etar ekan, shunday deydi:
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!
(Kuy ohista to‘xtatiladi.) Shu o‘rinda Zulfiya haqidagi telefilm namoyish etilib, boshlovchining ovozi fondan yangraydi:

2-boshlovchi: - Zulfiyaning ovozi uning ona qalbi, ayol nazokati, mo‘tabar inson orzusini kuylagan otashin she’rlari faqat O‘zbekistondagina emas, butun Osiyo va Afrika mamlakatlarida ham kitobxonlar diqqatini jalb qildi. Zulfiyaning yangroq poetik ovozi jahon kezib yuribdi. Zulfiya jamoat arbobi, xorijiy mamlakat taraqqiyparvar yozuvchilari va davlat arboblarining mehmoni sifatida juda ko‘p mamlakatlarda bo‘ldi. 
Bundan tashqari, “O‘g‘irlamang qalamim bir kun” turkumidagi she’rlari, “Quyoshli qalam” dostoni kitobxonlarga manzur va ma’quldir. Chunki dostonda shoira atoqli adib Oybek obrazini badiiy gavdalantirgan.

1-boshlovchi: - Zulfiya urushdan keyingi yillarda tinch ijodiy mehnatda insonning matonati va qahramonligining yuksak namunalarini ko‘rsatayotgan zamondoshlari, tinchlik va do‘stlik haqida kitobxonlarga manzur bo‘lgan ajoyib she’rlar yaratgan. Shoiraning “Dugonalar bilan suhbat”, “Yuragimga yaqin kishilar” kabi she’riy to‘plamlaridagi she’rlari urushdan keyingi tarixiy davrning chaqiriqlariga munosib javob bo‘ldi. Zulfiya mehnat mavzusida yozgan she’rlarida zamondoshlarining yuragiga yaqin, qalbiga tutash bo‘lgan dugonalarning, qahramon xotin-qizlarning muvaffaqiyatlaridan cheksiz quvonadi, ularning yangi zafarlarga chorlaydi. “Cho‘pon”, “Yangi yil”, “Hamma safarbar”, “Lobar qizlarga” kabi she’rlari shular jumlasidandir.
Hayot kitobini bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrimga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab,
Suyish kerak bo‘lsa, telbacha suydim.
Men o‘tgan umrimga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima bildim.
Shu-da bir yashash!.

2-boshlovchi: - Xalqimiz izzatiga sazovor bo‘lgan ajoyib shoiraning xotirasi abadiydir. Chunki uning izdoshlari bisyor. Ushbu kechani o‘zlari yozgan she’rlari bilan yakunlashni men shoira qizlarimizdan iltimos qilaman.
(Shoira qizlarning chiqishlari kechaga yakun yasaydi).
“Sevimli shoiramiz” kitob ko‘rgazmasining tashkil etish uchun tavsiyalar.

Ko‘rgazma uch qismdan iborat bo‘lishi mumkin.
1-qism. “Betakror shoira” shoiraning hayoti va faoliyatini yorituvchi sahifa:
a) Shoiraning dastlabki ijod yillari.
b) “Ayol qalbi sadosi”.
d) Zulfiya jurnalist, tarjimon va faol jamoat arbobi.

2-qism. “Zulfiya-o‘zbek she’riyat bo‘stonining betakror guli” deb nomlanadi. Bu sahifaga quyidagi kitoblardan na’munalar qo‘yish mumkin.
a) “Men tongni kuylayman”(1969), “Ko‘lda” (1999), “Yurtimni kuylayman”(1998), “O‘g‘lim sira bo‘lmaydi urush”(1951).

3-qism. “Zulfiya zamondoshlari nigohida” deb nomlanadi.
a) Zulfiya va uning ijodi to‘g‘risida ulug‘ insonlarimizning fikrlari.
b) “Zulfiya ijodi yoshlarimiz qalbida”. Viloyat va tumanlardagi Zulfiya izdoshlarining kitoblaridan namunalar qo‘yiladi. Gazeta va jurnal maqolalari va suratli albom, bukletlar ham kitob ko‘rgazmasini bezaydi.

Zulfiya - ijodini o‘rganamiz.
(Adabiy viktorina)

1. Zulfiya hayoti haqida nimalarni bilasiz?
Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 martda Toshkentda hunarmand-degrez oilasida tug‘ilgan. Otasi zahmatkash temirchi bo‘lgan, onasi Xadicha opa qo‘shiq, ertak va afsonalarni juda ko‘p bilgan va bolalarga aytib bergan.
Zulfiya 1928 yilda boshlang‘ich maktabni tugallab, Toshkent xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kiradi.

2. U adabiy faoliyatini qachon boshlagan?
1930 yildan boshlab “Ishchi”, “Turkiston”, “Yangi yo‘l” jurnallarida dastlabki she’rlarini chop etilishi bilan adabiy faoliyati boshlangan.

3. Zulfiyaning jurnalist, tarjimon va faol jamoat arbobi ekanligi haqida nimalarni bilasiz?
Zulfiya 1941-1950 yillarda O‘zbekiston Davlat nashriyotida adabiyot bo‘limi mudiri, 1950-1954 yillarda O‘zbekiston xotin-qizlari (Saodat) jurnalining adabiyot va san’at bo‘limi mudiri vazifasida ishladi. U mohir tarjimon sifatida o‘zbek kitobxonlarini rus va boshqa qardosh xalqlar adabiyoti namunalari bilan tanishtirishda ham samarali mehnat qilgan. Masalan: A.S.Pushkin, M.Y.Lermantov, M.Isakovskiy, T.Shevchenko shular jumlasidandir. Zulfiya katta jamoat arbobi sifatida ham mashhur bo‘lgan. U Osiyo-afrika xalqlari birdamlik komitetining a’zosi, o‘zbek-hind do‘stligi O‘zbekiston Jamiyatining prezidenti sifatida o‘zining butun ijodi va ijtimoiy faoliyati bilan tinchlik va do‘stlik ishiga katta hissa qo‘shgan shoiradir.

4. Shoiraning xijron, umid va g‘alaba qo‘shiqlari mavzusidagi ijodiga qaysi she’rlar turkumi kiradi?
Ikkinchi jahon urushi yillari Zulfiyaning ijodi yanada mazmundor bo‘lgan. Bu yillarda “Uni Farhod der edilar”, “Hijron kunlarida”, she’riy to‘plamlarini hamda rus tilida “Vernost” to‘plami nashr etilgan. Shoira she’rlarida ma’shuqaning frontda qahramonona jang qilayotgan yigitga yozgan maktublari orqali dushmanga nafrat, g‘alabaga ishonch, sevgida vafo va sadoqat tuyg‘ularini ifodalagan. Bu mavzulardagi she’rlariga “Qo‘limda qurol-u ustimda shinel”, “Gullar ochilganda”, “Ikki maktub”, “Bizni kut” va boshqalar kiradi.

5. Zulfiya Hamid Olimjonning qaysi poemasiga opera liberetasini yozgan?
Zulfiya Hamid Olimjonning “Zaynab va Omon” poemasi asosida yaratilgan opera liberetosining avtoridir.

6. Zulfiya - tinchlik elchisi sifatida qaysi she’rlariga ko‘proq ahamiyat bergan?
Zulfiya “Hulkar”, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar” nomli she’rlariga tinchlik elchisi sifatida ahamiyat bergan.

7. Prezidentimiz tomonidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti nechanchi yilda ta’sis etilgan?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi PF-2336 raqamli qarori bilan “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi.

Ushbu viktorinani o‘tkazish uchun hakamlar haya’ti saylanadi. Ular adabiyot o‘qituvchilari, adabiyotshunoslar, yozuvchi shoirlar, jurnalistlar, shuningdek adabiyot bilimdonlari bo‘lishi mumkin.
G‘oliblarni sovg‘alar bilan taqdirlash tavsiya etiladi. Sovg‘a tariqasida kitoblar, gullar va esdaliklar topshirish mumkin.
Sayt “OPEN WEB” tomonidan tayyorlangan